2-bob. Kiritish va chiqarish qurilmalari.
Ta’lim maqsadlari.
✔ klaviatura, namoyish etish qurilmasi, raqami kamera sensorlar kabi kiritish qurilmalarining turlari va ularning vazifalarini ta’riflash;
✔ bevosita ma’lumot kiritish jarayoni, ushbu jarayonda foydalaniladigan qurilmalar, ularning afzalliklari va kamchiliklarini aniqlash;
✔ display ekrani, printer, karnay, motor, isitkich, bazzer, chiroq kabi chiqarish qurilmalari, ularning turlari va vazifalarini ta’riflash;
✔ chiqarish qurilmalarining afzalliklari va kamchiliklarini baholash.
2-bob haqida umumiy ma’lumot
l-bobda kompyuter tizimlarining "qurilmalar” deb nomlangan qismi bir necha toifalarga bo‘linishi haqida bilib oldingiz (2.01-rasmga qarang). Kiritish qurilmalaridan ma’lumotni kompyuterga kiritish uchun foydalaniladi. Kiritish qurilmasi bergan ma’lumot protsessorda qayta ishlanadi. Chiqarish qurilmasi esa protsessor qayta ishlagan natijalarni foydalanuvchiga yetkazish uchun xizmat qiladi. Xotira qurilmasi ma’lumot va amaliy dasturlarni o‘zida saqlaydi.

2.01-rasm. Kompyuter tizimining asosiy komponentlari.
Har qanday kompyuter tizimi ma’lumotni kiritish va ularni chiqarish xususiyatiga ega. Demak, siz kiritish va chiqarish bilan aloqador texnik ta’minot vositalari, kompyuter qurilmalarini aniqlashingiz va ularning vazifasini farqlay olishingiz kerak. Mazkur bobda avval kiritish qurilmalarini, keyin esa chiqarish qurilmalarini ko‘rib chiqasiz. Kompyuter tizimida kiritish va chiqarish qurilmalarini integratsiyalash haqida o‘rganasiz.
2.01 Kiritish qurilmalari va ularning qo‘llanishi
Kiritish qurilmasi ikki toifaga bo‘linadi:
✓ Ma’lumotni qo‘lda kiritish qurilmalari – insonlarning o‘zi tomonidan kompyuterga ma’lumot kiritish uchun qo‘llanadigan qurilmalar;
✓ Ma’lumotni bevosita kiritish qurilmalari – kompyuterga ma’lumotni inson qo‘li bilan emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri kirituvchi qurilmalar. Misol uchun optik belgilarni o‘qish qurilmasi yoki shtrix-kod rider kabi qurilmalarni keltirish mumkin.

Kiritish qurilmalarining turlari:
✲ sichqoncha, sensorli panel yoki trekerbol kabi
✲ manipulyatorlar;
✲ joystik yoki rul;
✲ sensorli ekran;
✲ skaner;
✲ sensor;
✲ pult;
✲ raqamli kameralar, jumladan, veb kamera,
✲ videokamera;
✲ mikrofon;
✲ grafik planshet.
Klaviatura
Klaviaturada ishlash
Klaviatura kompyuter tizimiga o‘zgarmas qiymatlar, ko‘p hollarda belgilarni kiritish qurilmasidir. Klaviaturaning ko‘plab turlari mavjud. Bu bobda QWERTY klaviaturalari, konseptual klaviaturalar va raqamli klaviaturalar haqida o‘rganasiz.

2.02-rasm. QWERTY klaviaturasi.
QWERTY klaviaturasi eng ommabop klaviatura turi bo‘lib, u orqali harflar, raqamlarva tinish belgilari kompyuterga kiritiladi. Uning nomi klaviaturaning yuqori qatoridagi harflar joylashuvidan kelib chiqqan:
Q W E R T Y (2.02-rasmga qarang).
Klaviatura elektron xabar yaratishdan tortib kitob yozishgacha bo‘lgan vazifalarni bajara oladi.
2.01-QO‘SHIMCHA MASHG‘ULOT
a. Turli klaviaturalarda tugmalarning joylashuvini o‘rganib chiqing. Masalan, Dvorak klaviaturasiga va rus, o‘zbek tillari uchun mo‘ljallangan
klaviaturalarga qarang. Ularni taqqoslang.
b. Tugmalari QWERTY klaviaturasidagi kabi joylashgan, ammo shakli odatiy to‘g‘ri to‘rtburchak bo‘lmagan klaviaturalar haqida ma’lumot to‘plang. Ular ba’zida “ergonomic klaviatura” deb ham ataladi.
Konseptual klaviaturalar QWERTY klaviaturadan farqli ravishda foydalanuvchiga har bir tugmaning vazifasini o‘zgartirish imkonini beradi. Tugmalarning vazifasi zaruratga qarab moslashtiriladi.
Konseptual klaviatura mitti panellardan iborat tekis varaqqa o‘xshaydi. Bu varaq o‘zgarmas yuzaga joylashtiriladi. Uning panellari bosilganda kompyuter muayyan belgini ko‘rsatishi uchun maxsus dasturlanadi. Tugmaiarning funksiyasi dasturga muvofiq istalgancha o‘zgartiriladi.
Konseptual klaviaturadan an’anaviy belgilarning o‘zi kerak bo‘lmaganda yoki odatiy klaviaturadan foydalanishda qiyinchilik bo‘lgan hollarda foydalaniladi. Bunday klaviaturaning asosiy kamchiligi ulardagi belgilar sonining cheklanganidir.
Fastfud restoranlarida konseptual klaviaturalarni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Varaq panellarning o‘zgarmas kataklari ustiga joylashtiriladi. Har bir panel kompyuterga ulangan bo‘lib, foydalanuvchi istagan ma’lumotlarga muvofiq dasturlanadi. Yuqoridagi misolda panel menyudagi taom yoki ichimlik hamda ularning narxlari uchun dasturlanadi.

Raqamli klaviatura
Aksariyat QWERTY klaviaturalarning o‘ng tomonida 0 dan 9 gacha bo‘lgan raqamlar uchun to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi joylashtirilgan tugmalar guruhi mavjud. Bu raqamli klaviatura deyiladi. Raqamli klaviatura xaridorlar biror narsa uchun karta yordamida to‘lov qilganida PIN raqamlarini kiritishda ham foydalaniladi.
Raqamli klaviaturalar kichik, foydalanishga oson va biror so‘zlashuv tiliga bog‘liq emas.
Manipulyatorlar
Sichqoncha
Sichqoncha ekrandagi kursorni harakatga keltiruvchi va tugmalarini bosish orqali tanlov qilishga imkon beruvchi qurilma ekanini yaxshi bilasiz. Mexanik sichqonchaning tagida kichik sharcha bo‘ladi. Sichqoncha stol ustida yurgizilganida sharcha tekis yuzada harakatlanadi. Sharchaning harakati aniqlanib, kompyuterga uzatiladi.
Kompyuter sichqoncha qanday harakat qilganini tushunadi va unga mos ravishda kursorni harakatlantiradi.
Sichqonchaning afzalliklari:
o ma’lumot kiritishning tezkor usulini taqdim etadi;
o foydalanish uchun oson, chunki uning yordamida
o ko‘rsatish va tanlash funksiyalari mavjud xolos.
o Sichqonchaning kamchiliklari:
o oson buzilishi yoki ishdan chiqishi mumkin;
o ayrim foydalanuvchilar, imkoniyati cheklangan kishilar
o uchun sichqonchadan foydalanish moslanmagan;
o haddan tashqari ko‘p foydalanish inson sog‘lig‘iga
o zararyetkazadi (5-bobga qarang);
o sichqoncha harakatlanishi uchun albatta tekis yuza kerak.

Sensorli panellar
Ayrim hollarda sichqonchadan foydalanib kursorni boshqarish imkonsiz bo‘ladi. Masalan, noutbuk bir yuzada emas, balki turli joylarda foydalanishga
mo‘ljallangan. Bu sichqoncha uchun tekis yuza doim ham mavjud bo‘lmasligini bildiradi. Noutbuk barcha zarur texnik ta’minotni o‘z ichiga oladi. Sichqoncha esa
alohida olib yurish talab etiladigan qurilmadir. Noutbuklarning manipulyator qurilmasi o‘zgacha ko‘rinishda bo‘ladi. U trekpad deb atalib, klaviatura ostidagi tekis maydondan tashkil topadi (2.03-rasm qarang).

2.03-rasm. Noutbukdagi trekpad.
Aksariyat trekpadlarning ikki burchagida sichqonchaning o‘ng va chap tugmaiariga o‘xshash funksiyalar mavjud.

Trekbol
Trekbol mexanik sichqonchalarning to‘ntarilgan holatiga o‘xshaydi. Unda ham sichqonchaniki kabi tugmalar o‘matilgan. Trekbol sharchasi sichqonchani harakatlantirish orqali emas, balki foydalanuvchining o‘zi tomonidan harakatga keltiriladi. Trekbolning sichqonchaga nisbatan afzalliklari quyidagicha:
✔︎ trekbol qo‘zg‘almas bo‘lib, uni harakatga keltirish uchun yuza shart emas;
✔︎ uni boshqa qurilmalarga ham o‘rnatish mumkin. Trekbol sichqonchaga nisbatan mustahkam bo‘ladi. Shuningdek, harakati cheklangan kishilar ham
undan bemalol foydalana oladi.
Trekbolning kamchiligi shuki, alohida boshqaruv talab etuvchi ba’zi dasturlarda undan foydalanish murakkablik tug‘diradi.
Joystik
Joystik sichqonchadan ko‘ra ko‘proq vazifalarni ham bajara oladi. Masalan, u yordamida motorli nogironlar aravachasini harakatlantirish mumkin (2.04-rasmga qarang).

2.04-rasm. Joystik yordamida boshqariladigan nogironlar aravachasi.
Joystik, shuningdek, videoo‘yinlarda qahramonni, raketa, mashina yoki boshqa biror jismni kursor sifatida harakatlantiradi. Uning o‘yin mobaynida jismni
sakratish, egish singari ma’lum bir vazifani bajarishga mo‘ljallangan tugmalari ham bor. Joystikning bajaradigan amallari uning dasturiy ta’minotiga bog‘liqdir.
Joystiklar nafaqat kompyuter tizimida manipulyator sifatida, balki ko‘plab amaliy dasturlarda ham qo‘llanadi.
Joystiklardan, o‘ziga xos afzalliklari sababli, quyidagi holatlarda ham foydalaniladi:
➺ foydalanuvchiga vaziyatni nazorat qilish hissini bergani hamda o‘yinchi harakatlarini tez boshqarish orqali qo‘shimcha zavq bag‘ishlay olgani sabab turli o‘yinlarni o‘ynashda;
➺ juda murakkab sharoitlarda ham foydalanish oddiy ekanligi sabab samolyotni boshqarish uchun;
➺ juda kam jismoniy harakatlar orqali turli ko‘rsatmalarni berish imkoniyati sabab motorli nogironlar aravachasini boshqarish uchun.
Joystik yordamida ekranda kursorning nozik harakatlarini boshqarish sichqonchaga nisbatan qiyinroq va bu uning kamchiligidir.
Sensorli ekran
Kompyuter, noutbuk, planshet va smartfonlarga sensorli ekran o‘rnatiladi. Bu bir vaqtning o‘zida ham kiritish, ham chiqarish qurilmasi vazifasini bajaruvchi
displey ekrani hisoblanadi. Sensorli ekran foydalanuvchi ekranning qaysi qismini bosganini aniqlaydi va bu axborotni protsessorga yuboradi.
Sensorli ekranlar asosan ikki turga bo‘linadi:
⌘ rezistiv - barmoq bosimiga sezgir ekran;
⌘ sig‘imli - tananing elektr maydoniga sezgir ekran.
Odatda ko‘plab sensorli ekranlar rezistiv texnologiya asosida ishlab chiqilar edi. Hozir esa sanoatda sig‘imli texnologiyadan foydalanish ham ommalashmoqda.
Sensorli ekranlarning rezistiv turi ekran yuzaga tushgan kichik bosimni aniqlash asosida ishlaydi. Unga rezistiv material bilan ajratilgan ikkita yuza joylashtiriladi. Ustki yuza biroz egiluvchan bo‘lgani sababli bosim paytida ikkita yuza bir-biriga
yaqinlashadi va natijada ular o‘rtasidagi qarshilik o‘zgaradi.
Rezistiv sensorli ekranning sig‘imli ekranga nisbatan afzalligi–ularni ishlab chiqarish ancha arzon va uni barmog‘ingiz, stilus-qalam yoki ishora qilish mumkin bo‘lgan istalgan narsa bilan boshqara olasiz. Tanangizning elektr maydoniga sezgir bo‘lgan sig‘imli sensor ekranlar esa boshqacharoq ishlaydi. Ular barmog‘ingizni elektr yordamida “sezadi”, shuning uchun sensorli ekranga bosim o‘tkazishingizga hojat yo‘q.
Sig‘imli sensor ekranlarning afzalligi–ularyuqori sezgirlikka ega hamda barmog‘ingizni ekran bo‘ylab siljitish va bir nechta barmoq bilan imo-ishoralardan
foydalanishga imkon beradi, rezistiv sensor ekran bilan esa bunday qilib bo‘lmaydi.
Kamchiligi — ulardan odatdagi mexanik stilus-qalamlar bilan foydalana olmaysiz. Qolaversa, ularning narxi nisbatan qimmat bo‘ladi.

Umuman olganda, sensorli ekranlardan foydalanish juda oson. Sensorli ekran texnologiyasidan temiryo‘l bekatlaridagi chipta sotish mashinalarida, supermarketlarning o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish kassalari kabi kompyuter tizimlarida ko‘p foydalaniladi.


2.05-rasm. Qabulxonadagi sensor ekranli kompyuter.
Temiryo‘l bekatlaridagi kabi ma’lumot tizimlarida sensorli ekranlar keng tarqalgan. Chipta xarid qilish uchun sensorli ekrandan foydalanish afzalliklari quyidagicha:
⫸ sensorli ekrandan ko‘proq vaqt foydalanish mumkin;
⫸ ob-havo ta’siriga chidamli bo‘lgani bois bekat platformasi kabi ochiq joylarga ham o‘rnatsa bo‘ladi;
⫸ foydalanish uchun kompyuter savodxonligi zarur emas;
⫸ mijozlar o‘ziga xizmat ko‘rsatsa, kamroq xodim kerak bo‘ladi.
Kamchiligi – ulardan foydalanish nogironlar uchun qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Odatda sensorli ekranlar yuzaning muayyan qismidagi tugmaga tegish orqali o‘chirib, yoqiladi hamda o‘sha hududga tegish yoki tegmaslik orqali ma’lumot kiritiladi. Shu tarzda chipta sotish mashinalari ekranning bosilgan hududlarini o‘qish orqali chipta turini kiritadi.

Grafik planshet
Grafik planshet — qalam yoki stilus-qalamdan kirish ma’lumotlarini qabul qiluvchi juda katta sensorli ekranga o‘xshash qurilma. U raqamli yozuvni qabul
qilish uchun harakatni aniqlash texnologiyasidan foydalanadi. Buning uchun grafik planshet o‘z yuzasida harakatlanayotgan qalam harakatini aniqlab, bu ma’lumotni kompyuterga yuboradi. Grafik planshet diagrammalar va suratlarni “chizishda” qo‘llanadi.
Odatda grafik planshetning faol yuzasidan xuddi kompyuter ekrani kabi foydalaniladi. Masalan, planshetning yuqori o‘ng qismiga tegish kursorni ekranning yuqori o‘ng qismiga chiqaradi va pastki o‘ng qismiga tegish esa kursorni to‘g‘ridan to‘g‘ri pastki o‘ng qismga yuboradi. Sichqoncha va sensorli paneldan farqli o‘laroq grafik planshetda kursorni ekran bo‘ylab harakatlantirishga hojat yo‘q: foydalanuvchi planshetning qayeriga tegsa, kursor to‘g‘ri o‘sha yerga boradi.
Grafik planshet foydalanuvchiga rasm ustidan chizish orqali qog‘ozdagi rasmlardan nusxa olish imkonini beradi. Ular original rasmlar va hatto iyeroglifli yozuvlarni, masalan, xitoy va yapon tillaridagi yozuv simvollarini “chizib” yozishda qo‘l keladi. Rasm chizish va yozishning osonligi grafik planshetning afzalligidir. Grafik planshetdan foydalanishning kamchiligi esa ba’zida planshet ustida stilus-qalamning joylashuvi, planshet yuzasidagi kursor joylashuvini harakat bilan moslashtirish qiyinligidadir.
Sensorlarning ko‘pchiligi bir-biriga o‘xshaydi. Ular har qanday (ma’lum chegaradagi) qiymatga ega xususiyatlarni o‘lchay oladi. Bu harorat, bosim yoki boshqa o‘lchovga ega xususiyat bo‘lishi mumkin. Sensorlarning turi ko‘p bo‘lsa-da, siz bu bobda uch xil: harorat, bosim va yorug‘lik sensorlarini o‘rganib chiqasiz.
Bu uch turdagi sensor borasida avval shuni bilib oling:
sensorlar hech qanday qaror qabul qilmaydi.

Sensorlarning ma’lumotlarni to‘plovchi qurilma sifatidagi afzalliklari quyidagicha:
- ⎯ ular insonga nisbatan ishonchliroq, chunki odam ko‘rsatmalar olishni unutishi mumkin;
- ⎯ foydalanuvchi noto‘g‘ri ko‘rsatmalar olishi mumkin;
- ⎯ kimyoviy reaksiya kechayotgan atom reaktoriga yaqin joylarga odamlar bora olmaydi, bu holatda sensorlar qo‘l keladi.
Sensorlardan foydalanishning kamchiligi shuki, ular doimiy elektr manbayini talab qiladi. Elektr manbayidan uzilsa yoki batareya tugasa, sensorlar ham ishlashdan to‘xtaydi.
Harorat sensori o‘z atrofidagi haroratni o‘lchaydi va bu ma’lumotni protsessorga yuboradi. Protsessor esa kiruvchi ma’lumotga asoslanib amallarni bajaradi.Masalan, avtomatik kiryuvish mashinasi qanday ishlashini tasavvur qiling (2.06-rasmga qarang). Kiryuvish mashinasi yoqilganida uning ichiga suv to‘ldiriladi.
Yuvish siklini boshqaruvchi protsessor yuvish uchun suv yetarli darajada issiq ekanini nazorat qiladi. Agar suv yetarlicha issiq bo‘lmasa, harorat sensori suv yetarli darajada issiq ekani haqida xabar berguniga qadar protsessor isitish elementini yoqadi. Agar suv juda issiq bo‘lsa, harorat sensori suv yetarli darajada sovigani haqida xabar berguncha protsessor haroratni tushirish uchun sovuq suv qo‘shadi. Bu qurilma “harorat sensori” deb nomlanishiga ahamiyat bering. Issiqlik o‘lchov birligi emasligi sabab u "issiqlik sensori” deb atalmaydi. Insonlar ko‘rishi uchun mo‘ljallanmagani bois u “termometr” deb nomlanmagan.